Jinoyat-protsessual kodeksi 497-17-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishini koʻrish tartibi

Apellyatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha, ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda koʻriladi. Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi hamda qanday jinoyat ishi va kimning apellyatsiya shikoyati, protesti boʻyicha koʻrilishini eʼlon qiladi. Raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining va, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasi, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi majlisining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi jinoyat ishini koʻrishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan shaxslar mustasno. Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar va iltimosnomalar bor-yoʻqligini, apellyatsiya shikoyatida, protestida bayon etilgan iltimoslarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimoslar mavjud boʻlganda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi. Sud muhokamasi sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. U birinchi instansiya sudi hukmining yoki ajrimining mazmunini, apellyatsiya shikoyatining, protestining mazmunini va unga qarshi eʼtirozlarning mohiyatini qisqacha bayon etadi. Raislik qiluvchi apellyatsiya shikoyati bergan shaxsga, apellyatsiya shikoyati va protesti kimga nisbatan berilgan boʻlsa oʻsha shaxsga, ularning himoyachilari va vakillariga, soʻngra esa prokurorga soʻz beradi. Ish boʻyicha bir nechta shikoyat mavjud boʻlgan taqdirda, soʻzga chiqish navbati sud tomonidan taraflarning fikri inobatga olingan holda belgilanadi. Agar berilgan apellyatsiya shikoyatlari orasida prokurorning apellyatsiya protesti boʻlsa, soʻz birinchi navbatda unga beriladi. Sud taraflarning soʻzlarini eshitib, hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirib koʻrishni taʼminlash