Jinoyat-protsessual kodeksi 497-6-modda. Apellyatsiya shikoyati, protesti berilganligi toʻgʻrisida xabar berish

Hukm chiqargan sud apellyatsiya shikoyati, protesti berilganligi toʻgʻrisida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakilini, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini agar shikoyat, protest ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, xabardor qiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning koʻchirma nusxalari yoxud hukm chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga shikoyat, protest yuzasidan oʻz eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi ularni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda tushuntiriladi. Shikoyat, protest ustidan kelib tushgan eʼtirozlar ishga qoʻshib qoʻyiladi. Taraflar apellyatsiya shikoyatiga, protestiga doir eʼtiroz bilan birga alohida holda yangi materiallarni taqdim etishga yoxud ularni talab qilib olish va tekshirish, shuningdek oʻzlari koʻrsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va soʻroq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.