Jinoyat-protsessual kodeksi 509-9-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari

Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) hukmni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; 2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish haqida; 3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida; 4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish haqida; 5) hukmni bekor qilish va ishni tugatish toʻgʻrisida; 6) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish haqida; 7) hukmni oʻzgartirish toʻgʻrisida; 8) shikoyat (protest) qaytarib olingan hollarda, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida. Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida , 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi. Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya hukmini chiqaradi.