Jinoyat-protsessual kodeksi 512-modda. Hukmlar, ajrimlar ustidan taftish tartibida protest bildirish huquqiga ega boʻlgan shaxslar

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning oʻrinbosarlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudlarning apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga taftish tartibida protest bildirishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudlarning apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudlarining hukmlari va ajrimlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida protest bildirishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar hamda ular boʻyicha apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida protest bildirishga haqlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha sud qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga taftish tartibida protest bildirishga haqlidir.