Jinoyat-protsessual kodeksi 52-modda. Himoyachidan voz kechish

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritishning istalgan paytida himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali taʼminlanadigan real imkoniyat mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi, bunda advokat oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Himoyachidan voz kechganlik haqida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi. Ushbu Kodeks 51-moddasi birinchi qismining 1 — 4 , 8 , 8³ , 8⁴ va 9-bandlarida nazarda tutilgan hollarda himoyachidan voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi. Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini keyinchalik ishda himoyachi ishtirok etishiga ruxsat berish haqida iltimos qilish huquqidan mahrum qilmaydi. Bunday iltimos barcha hollarda qanoatlantirilishi kerak. Sud tergovi davomida himoyachining ishtirok etishi haqida berilgan iltimosnoma ishning holatlarini hisobga olib va sudlanuvchiga himoya huquqini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab sud tomonidan hal etiladi. Himoyachining sud majlisi davomida ishga kirishishi sud tergovini qayta boshlash uchun asos boʻlmaydi.