Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari, qonuniy vakillari, prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakili, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari ish taftish tartibida koʻrib chiqish uchun yuborilganligi toʻgʻrisida, agar shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, uch sutka ichida xabardor qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning (xususiy shikoyatning, xususiy protestning) koʻchirma nusxasi yuboriladi yoxud taftish instansiyasi sudining internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga (xususiy shikoyatga, xususiy protestga) doir eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi, eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi. Taraflar taftish tartibida berilgan shikoyatga, protestga (xususiy shikoyatga, xususiy protestga) doir eʼtiroz bilan birga yangi materiallarni alohida taqdim etishga yoxud ularni talab qilib olish va tekshirish toʻgʻrisida, shuningdek oʻzlari koʻrsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va soʻroq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.