Jinoyat-protsessual kodeksi 521-4-modda. Jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiquvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining vakolatlari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiqib, uning natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz qoldirish, taftish tartibida berilgan shikoyatni, protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; 2) apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini bekor qilish va birinchi instansiya sudining hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida; 3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ayblov yoki oqlov hukmi chiqarish toʻgʻrisida; 4) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ishni tugatish toʻgʻrisida; 5) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida; 6) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgartirish toʻgʻrisida; 7) shikoyat, protest qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibidagi ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida , 4 — 7-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ishni taftish tartibida koʻruvchi sud ajrim chiqaradi. Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda, ishni taftish tartibida koʻruvchi sud hukm chiqaradi. Jinoyat ishini taftish tartibida koʻruvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlgan taqdirda xususiy ajrim chiqaradi.