Jinoyat-protsessual kodeksi 521-5-modda. Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni (xususiy protestni) koʻrib chiqish

Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat, xususiy protest ushbu Kodeksning 521³-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha koʻrib chiqiladi. Taftish instansiyasining sudi ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagilarga haqli: 1) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini oʻzgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; 2) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ishni yangidan sudda koʻrib chiqish uchun yuborishga; 3) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni oʻtkazish uchun prokurorga yuborishga; 4) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va amnistiya aktini qoʻllashga; 5) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga; 6) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga; 7) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlarini oʻzgartirishga.