Agar ayrim mahkumlarga taalluqli taftish tartibida berilgan shikoyat yoki protest biror-bir sabablarga koʻra ishni taftish tartibida koʻruvchi sudga boshqa mahkumlarga taalluqli jinoyat ishi koʻrib boʻlinganidan keyin kelib tushsa, shuningdek agar mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining taftish tartibida berilgan shikoyati, ushbu mahkumga taalluqli ish protsessning boshqa ishtirokchisining taftish tartibida berilgan shikoyati yoki protesti boʻyicha koʻrib chiqilganidan soʻng kelib tushgan boʻlsa, ishni taftish tartibida koʻruvchi sud bunday shikoyatni yoki protestni koʻrib chiqishi va u boʻyicha tegishli qaror chiqarishi shart. Agar ishni qoʻshimcha tarzda koʻrish chogʻida ishni taftish tartibida koʻruvchi sud tomonidan chiqarilgan hukm, ajrim (qaror) ilgari chiqarilgan hukmga, ajrimga (qarorga) zid boʻlsa, protest bildirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun ish taftish tartibida protest bildirish vakolatiga ega boʻlgan prokurorga yuboriladi. Jinoyat ishini qoʻshimcha tarzda koʻrish tartibi kechikib kelgan xususiy shikoyatlarga va xususiy protestlarga nisbatan ham taalluqlidir.