Jinoyat-protsessual kodeksi 57-modda. Fuqaroviy daʼvogarning huquq va majburiyatlari

Fuqaroviy daʼvogar: fuqaroviy daʼvo qoʻzgʻatish va uni quvvatlash; dalillar taqdim qilish; qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha tushuntirishlar berish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruvchidan, tergovchidan, prokurordan yoki suddan daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish haqida iltimos qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy daʼvoga tegishli qismi ustidan shikoyat qilish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir. Fuqaroviy daʼvogar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy daʼvoga tegishli boʻlgan dalillar taqdim etishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan shaxs ayni vaqtda jabrlanuvchining barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini bajaradi.