Jinoyat-protsessual kodeksi 571-modda. Himoyachining ishtiroki

Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishni yuritishda sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlash haqida qaror chiqarilgan vaqtdan boshlab himoyachining ishtirok etishi shart. Ishga kirishgan vaqtdan boshlab himoyachi, basharti himoyasi ostidagi shaxsning sogʻligʻi halal bermasa, u bilan holi uchrashishga haqli, shuningdek ushbu Kodeksning 53-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha huquqlardan ham foydalanadi. Sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrimni ijroga yuborishdan oldin surishtiruvchi, tergovchi yoki sud u bilan himoyachini tanishtirishi va uning quyidagi huquqlarini taʼminlashi zarur: tayinlangan ekspertni yoki umuman ekspertiza muassasasini rad qilish; muayyan shaxsni ekspert qilib tayinlashni iltimos qilish; ekspertning oldiga qoʻshimcha savollar qoʻyish; ekspertiza oʻtkazilayotganda qatnashish uchun ruxsat soʻrash. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud himoyachining iltimosnomasini, basharti asoslar boʻlsa, qondiradi va ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrimga tegishli qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritadi. Agar sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasiga koʻra, himoya ostidagi shaxs ruhiy holatining buzilishi jinoyat sodir etilgandan soʻng yuzaga kelgan yoki u ijtimoiy xavfli qilmishni aqli norasolik holatida sodir etgan boʻlsa yoxud uning aqli rasoligini istisno etmaydigan, biroq ruhiy holati oʻzini himoya qilish huquqini mustaqil amalga oshirishini qiyinlashtiradigan tarzda buzilgan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan himoyachining ishda ishtirok etishi shartligi haqidagi qoida amal qilishda davom etadi. Keyinchalik sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasi asosida shaxs aqli raso va ruhiy sogʻlom deb topilsa, ishda himoyachining ishtiroki masalasi umumiy tartibda hal qilinadi.