Jinoyat-protsessual kodeksi 587-modda. Tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchi, tergovchi tomonidan prokurorga yuborish tartibi

Amnistiya aktini qoʻllash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini qaysi shaxsga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining arizasi hamda amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoxud jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish haqidagi taqdimnoma bilan prokurorga yuboradi. Agar bir nechta shaxsga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha ulardan loaqal bittasi amnistiya aktining taʼsir doirasiga tushsa, unga nisbatan jinoyat ishining qismi amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish uchun ushbu Kodeksning 332-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan alohida ish yuritishga ajratilishi mumkin.