Jinoyat-protsessual kodeksi 59-modda. Fuqaroviy javobgarning huquq va majburiyatlari

Fuqaroviy javobgar: ayblov va fuqaroviy daʼvoning mazmunini bilish; daʼvoga eʼtiroz bildirish; tushuntirish berish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan soʻng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ulardagi maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy daʼvoga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish boʻyicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor boʻlish va ularga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqiga egadir. Fuqaroviy javobgar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy daʼvoga tegishli boʻlgan dalillar taqdim qilishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.