Jinoyat-protsessual kodeksi 595-modda. Protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ijro etish

Sud, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi xorijiy davlatning tegishli vakolatli organidan kelib tushgan, oʻzlariga belgilangan tartibda topshirilgan protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovni Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki oʻzarolik prinsipi asosida ijro etadi. Agar protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrov kelib tushgan organ uni ijro etishga vakolatli boʻlmasa, u soʻrovni vakolatli organga yuboradi va bu haqda soʻrov tashabbuskorini yozma ravishda xabardor qiladi. Bevosita sudga, prokurorga, tergov organiga, surishtiruv organiga protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisida kelib tushgan soʻrov ushbu Kodeks 592-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan tegishli organlar bilan kelishilgan holdagina ijro etilishi mumkin. Protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etishda ushbu Kodeks normalari qoʻllaniladi. Xorijiy davlat vakolatli organining iltimosi boʻyicha, agar bu Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmasa, xorijiy davlatning protsessual qonunchiligi normalari qoʻllanilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda yoki oʻzarolik prinsipi asosida, protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etishda xorijiy davlat vakolatli organining vakillari ushbu Kodeks 592-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan tegishli organlar ruxsati bilan hozir boʻlishi mumkin. Agar protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish mumkin boʻlmasa, u holda olingan hujjatlar soʻrovni ijro etishga toʻsqinlik qilgan sabablar koʻrsatilib, soʻrovni olgan organ orqali, zarur boʻlganda esa diplomatik yoʻllar orqali xorijiy davlatning soʻrovni yuborgan vakolatli organiga qaytarib yuboriladi. Agar soʻrov Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlsa yoki uning ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga yoxud xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, u ijro etilmasdan qaytarib yuboriladi.