Jinoyat-protsessual kodeksi 610-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish

Xorijiy davlat sudining qarori ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin: 1) xorijiy davlatda ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan va jazoni oʻtayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi — jazoni Oʻzbekiston Respublikasida oʻtashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda; 2) xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan xorijiy davlat sudining tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlsa, — majburiy davolashni Oʻzbekiston Respublikasida davom ettirish uchun qabul qilib olinganda; 3) xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilinib, jazoni oʻtamagan shaxs xorijiy davlat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga ushlab berilganda; 4) xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini xorijiy davlatga ushlab berish rad etilganda; 5) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.