Ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan: 1) jazoni oʻtashni davom ettirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan chet el fuqarosi oʻzi fuqaroligiga mansub boʻlgan davlatga berilishi yoki xorijiy davlat sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xorijiy davlatdan qabul qilib olinishi mumkin; 2) majburiy davolashni davom ettirish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holati buzilishi yuzaga kelgan va oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi sudining qarori mavjud boʻlgan chet el fuqarosi oʻzi fuqaroligiga mansub boʻlgan davlatga berilishi yoki xorijiy davlat sudi tomonidan oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xorijiy davlatdan qabul qilib olinishi mumkin.