Jinoyat-protsessual kodeksi 613-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun, shuningdek oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish

Ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslar va ularning qonuniy vakillari yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek xorijiy davlatning vakolatli organlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun yoxud oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga qabul qilib olish toʻgʻrisida murojaat qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni qabul qilib olish toʻgʻrisida murojaat qilinganidan va ushbu shaxslarning fuqaroligi tasdiqlanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organiga masalani hal etish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuboradi. Soʻrov qanoatlantirilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi. Iltimosnoma ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning doimiy yashash joyi boʻyicha, ularning doimiy yashash joyi mavjud boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududida oxirgi roʻyxatga olingan joyi boʻyicha, ushbu Kodeksning 542-moddasida nazarda tutilgan tartibda jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Mahkumning yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsning yoʻqligi xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning sud tomonidan koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilmaydi.