Jinoyat-protsessual kodeksi 66-2-modda. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili

Guvoh voyaga yetmagan shaxs boʻlgan hollarda, uning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun guvohning qonuniy vakili ishda ishtirok etishga jalb qilinadi. Ishda qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik organining vakillari ishtirok etishi mumkin. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ishda oʻzi vakillik qilayotgan shaxs bilan birga ishtirok etadi. Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Guvohning manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmagan taqdirda, qaror yoxud ajrim bilan boshqa qonuniy vakil yoki advokat jalb qilinadi. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ushbu Kodeksda qonuniy vakil uchun nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.