Jinoyat-protsessual kodeksi 66-modda. Guvohning huquq va majburiyatlari

Guvoh: advokatning yuridik yordamidan foydalanish; tergov harakatlarida advokat bilan birga ishtirok etish; soʻroq yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; uning soʻroq qilinishida ishtirok etuvchi tarjimonni rad qilish; dalillarni taqdim etish; koʻrsatuvlarini oʻz qoʻli bilan yozib berish; oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi koʻrsatuv bermaslik; soʻroq bayonnomasi bilan tanishish, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish; koʻrsatuvlar berishda yozma belgilar va hujjatlardan foydalanish; oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga ega. Guvoh: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum hamma narsa haqida haqqoniy soʻzlab berishi; berilgan savollarga javob qaytarishi; ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan holatlarni soʻroq qiluvchining ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Guvoh uzrsiz sababga koʻra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy ravishda olib kelinishi mumkin. Guvoh koʻrsatuv berishdan bosh tortganlik, shuningdek bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar boʻladi.