Jinoyat-protsessual kodeksi 87-modda. Dalillar toʻplash

Dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish: gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni soʻroq qilish; yuzlashtirish; tanib olish uchun koʻrsatish; koʻrsatuvni hodisa roʻy bergan joyda tekshirish; olib qoʻyish; tintuv; koʻzdan kechirish; guvohlantirish; murdani eksgumatsiya qilish; eksperiment oʻtkazish; ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish uchun namunalar olish; ekspertiza va taftish tayinlash; taqdim etilgan ashyolarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni qabul qilish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish yoʻli bilan toʻplanadi. Himoyachi jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etishga haqli boʻlib, ular jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyilishi, shuningdek tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov oʻtkazish va jinoyat ishini sudda koʻrish jarayonida majburiy baholanishi lozim. Ushbu dalillar: ishga taalluqli axborotga ega boʻlgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga soʻrov yuborish hamda ulardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali toʻplanishi mumkin.