Jinoyat-protsessual kodeksi 92-modda. Dalillarni qayd etishning toʻgʻriligini tasdiqlash

Tergov harakatlari ishtirokchilarining, shuningdek sud muhokamasidagi taraflarning bu harakatlar jarayoni va natijalari aks ettirilgan bayonnoma bilan tanishish, xuddi shuningdek bayonnomaga qoʻshimcha va tuzatishlar kiritish huquqlari taʼminlanishi kerak. Surishtiruvchi yoki tergovchi tergov harakatlari tamom boʻlishi bilanoq bu harakat ishtirokchilariga bayonnomani oʻqib chiqishga imkon beradi yoxud iltimoslariga koʻra ularga oʻqib beradi. Shunday tartibda raislik qiluvchi yoki uning topshirigʻiga binoan sud majlisi kotibi sud zalidan tashqarida bajarilgan sud harakati ishtirokchilarini, shuningdek taraflarni sud majlisi bayonnomasidagi ushbu sud harakatiga taalluqli yozuvlar bilan tanishtiradi. Ogʻzaki bildirilgan qoʻshimchalar, tuzatishlar, fikr-mulohazalar, eʼtirozlar, iltimoslar va shikoyatlar bayonnomaga kiritiladi, yozma ravishda ifoda etilganlari esa bayonnomaga ilova qilinadi. Oʻchirishlar yoki kiritilgan qoʻshimcha soʻzlar yoxud boshqa tuzatishlar xususida bayonnoma oxiridagi imzolar oldidan izohot beriladi. Tergov harakati bayonnomasi bilan tanishtirilgan shaxslar bayonnomaning har bir sahifasi ostiga va uning oxiriga imzo chekadilar.