Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida 6-modda. Murojaatlarga qoʻyiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak. Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin. Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak. Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida boʻlishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoxud ular haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.