Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir. Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.