Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Alohida hududlarda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan yagona huquqiy makon doirasida maxsus huquqiy rejim oʻrnatilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar.