Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi. Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar koʻradi.