Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 28-1-modda. Davlat organlari va tashkilotlari komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining xavfsizlik kafolatlari

Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasidadir. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ularda tintuv oʻtkazish yoki ulardan ashyoni olish, ularning telefondagi soʻzlashuvlarini eshitish, xodimlarni koʻzdan kechirish va ularni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek ularning xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni koʻzdan kechirish, olib qoʻyish yoxud olish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yozma ruxsati bilan, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini, shu jumladan u bilan mehnat shartnomasi tugatilganidan yoki xizmatdan boʻshatilganidan keyin ikki yil ichida sobiq xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashga va ushlab turishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinadi.