Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 30-modda. Korrupsiya sohasidagi tadqiqotlar

Korrupsiyaning holatini, xususiyatini, miqyoslarini, oʻzgarishlarini va tendensiyalarini, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilish samaradorligini oʻrganish davlat organlari tomonidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar bilan hamkorlikda sotsiologik, maxsus, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa turdagi tadqiqotlar oʻtkazish yoʻli bilan doimiy asosda amalga oshiriladi. Sotsiologik tadqiqotlar korrupsiyaga eng koʻp duchor boʻlgan tarmoqlar va sohalarni, uning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, shuningdek mazkur faoliyatga jalb etilgan ijtimoiy guruhlarni aniqlash maqsadida sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish va boshqa usullardan foydalanish yoʻli bilan jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Maxsus tadqiqotlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati natijalarini, korrupsiyaga oid jinoyatchilikning holatini, korrupsiya koʻrsatkichlarining statistika hisobini muntazam ravishda tizimli tahlil qilishni, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning xususiyati va miqyoslarini, oʻzgarishlari va tendensiyalarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishni, ilmiy uslubiyotlar va tavsiyalar ishlab chiqishni, ularni amaliyotga oqilona joriy etishni, korrupsiyaga qarshi kurashishda qoʻllanilayotgan shakllar va usullar samaradorligini prognoz qilish hamda ilmiy tahlil etishni oʻz ichiga oladi. Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlaydi va ragʻbatlantiradi.