Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibda boʻlishi mumkin. Agar cheklanmagan miqdordagi talabgorlar faoliyatning tegishli turini amalga oshirishga nisbatan qoʻyiladigan yagona litsenziya talablari va shartlariga javob bersa, ushbu shaxslarga beriladigan litsenziyalar namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga kiradi. Talabgorlarga alohida litsenziya talablari va shartlari asosida beriladigan, faoliyatning muayyan turini amalga oshirishda litsenziatlarga mutlaq huquqlarni taqdim etadigan litsenziyalar yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat obyekti boʻyicha yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa asoslarga koʻra soni jihatidan cheklanadi. Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) oʻtkazish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.