Litsenziya berganlik, uning amal qilish muddatini uzaytirganlik va uni oʻzgartirganlik uchun davlat boji undiriladi. Litsenziya berganlik, uning amal qilish muddatini uzaytirganlik va uni oʻzgartirganlik uchun davlat boji miqdorlari hamda uni toʻlash tartibi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanadi. Litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turi uchun litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun qonunda davlat boji stavkalarining kamaytirilgan miqdorlari belgilanishi mumkin. Faoliyatning quyidagi turlari boʻyicha litsenziyaning amal qilishi uchun yillik davlat bojlari belgilanadi: konsert-tomosha faoliyati; isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish; alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi sohasidagi faoliyat; telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini koʻrsatish; bukmekerlik faoliyati; Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish faoliyati.