Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 38-modda. Xabarnoma yuborish va uni hisobga olish tartibi

Xabardor qiluvchi (uning nomidan ish yuritishga vakolatli shaxs) vakolatli organga elektron raqamli imzodan foydalangan holda maxsus elektron tizim yoki YIDXP vositasida xabarnoma yuboradi. Xabarnomani yuborishda pasportlarda nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatiladi va hujjatlar ilova qilinadi. Pasportlarda nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari boshqa qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Xabardor qiluvchilar xabarnoma yuborish orqali xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun ushbu Qonunning 37-moddasida belgilangan talablar va shartlarga muvofiq ekanligini tasdiqlaydi. Xabardor qilish talab etiladigan faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizigacha miqdorda yigʻim undiriladi, bundan alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni va alkogol mahsulotlarini umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilishni boshlash haqidagi xabarnomalar mustasno. Xabardor qiluvchilar vakolatli organga yuborilgan xabarnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardir. Xabarnomaga kiritilgan maʼlumotlar maxsus elektron tizim vositasida idoralararo hamkorlik tizimlarida mavjud boʻlgan axborot asosida avtomatik ravishda tekshiriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qiluvchi tomonidan maxsus elektron tizim yoki YIDXP vositasida xabarnoma yuborilganda, pasportlarda belgilangan tartibda taqsimlanadigan yigʻimning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.