Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 55-modda. Jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash tartibi

Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin. Jarima solish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan jarima summasi miqdorining ellik foizi oʻn besh kun ichida, yetmish foizi oʻttiz kun ichida huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan hamda litsenziyani, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki xabarnoma yuborish toʻgʻrisidagi ariza bilan vakolatli organga murojaat qilingan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda vakolatli organ tomonidan huquqbuzarning oʻz faoliyatini qonunchilik hamda litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari talablari va shartlariga muvofiq amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi hamda yordam koʻrsatiladi.