Jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining oʻz faoliyatiga taalluqli boʻlgan qarorlari (harakatlari) ustidan shikoyat qilishi mumkin. Shikoyat: hududiy darajadagi vakolatli organga nisbatan — uning yuqori turuvchi organiga; respublika darajasidagi vakolatli organga nisbatan — ushbu organda tashkil etilgan apellyatsiya kengashiga beriladi. Apellyatsiya kengashini tashkil etish qoidalari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda, shuningdek xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda faoliyatning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin. Jismoniy va yuridik shaxslar belgilangan tartibda vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qarorlari (harakatlari) ustidan bevosita sudga shikoyat qilishga haqli. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shikoyat jismoniy va yuridik shaxslar qaror toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilingan paytdan eʼtiboran yoki ularga vakolatli organning yoxud uning mansabdor shaxslarining harakatlari haqida maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay berilishi mumkin.