Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 22-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hokimliklar) boshqarmalar, boʻlimlar va boshqa boʻlinmalardan iborat boʻlib, ularning tuzilmasi, ularni tashkil etish tartibi va faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari hokim tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va oʻzgartiriladi. Tuman, shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va oʻzgartiriladi. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari apparatining tuzilmasi va shtatlari tegishli hokim tomonidan viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va oʻzgartiriladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari esa yuqori turuvchi hokim tomonidan belgilab qoʻyiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida tuman va shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan belgilanadi.