Faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan shaxs tomonidan vakolatli organga qonunchilikda mazkur faoliyat uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi toʻgʻrisida yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot taqdim etish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xabardor qilish tartibida amalga oshirilishi lozim boʻlgan faoliyat (harakatlar) bilan xabarnoma yubormasdan shugʻullanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) bilan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shugʻullanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.