Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 174-modda. Soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash

Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib koʻrsatish, shuningdek soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdorda sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Daromadlar toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishdan boʻyin tovlash, deklaratsiyani oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan soliqlarni yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning ancha miqdori — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan olti yuz baravarigacha boʻlgan miqdor hisoblanadi.