Oʻta muhim va toifalangan obyektlarga kirish-chiqish rejimini buzish, yaʼni tegishli ruxsatnomasiz oʻta muhim va toifalangan obyektlarga shaxsning oʻzboshimchalik bilan kirishi, ushbu obyektlarda transport vositalarining harakatlanishi yoki mol-mulkning joyini oʻzgartirish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻta muhim va toifalangan obyektlarning qoʻriqlanishini taʼminlashga doir majburiyatlarni korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ularni bajarishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslari tomonidan bajarilmasligi, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.