Tovarlarni saqlash uchun joylashtirishning belgilangan talablari va shartlariga, ularni saqlash tartibiga, xuddi shuningdek bojxona omborlarida hamda erkin omborlarda tovarlarga doir operatsiyalar oʻtkazish tartibiga rioya etmaslik, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida , ushbu Kodeksning 227⁴ , 227⁸ , 227⁹ va 227¹¹-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Tovarlarni bojxona rejimida saqlash muddatlariga rioya etmaslik, — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.