Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 313-5-modda. Sud qarori

Sud qarorining kirish qismida: qaror chiqarilgan vaqt va joy; qaror chiqargan sudning nomi, sudyaning, sud majlisi kotibining, taraflarning, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning ismi, otasining ismi va familiyasi; huquqbuzarning ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ish joyi, mashgʻulotining turi, maʼlumoti va ish uchun ahamiyatga molik boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Sud qarorining tavsif-asoslash qismida yarashuv uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi, ushbu Kodeksning 313⁴-moddasida sanab oʻtilgan masalalarga javoblar ifodalanadi. Qarorning qaror qismida sud quyidagi masalalarni hal etadi: maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan yoki ushbu Kodeksning 310-moddasida koʻrsatilgan boshqa asoslar boʻyicha tugatish haqidagi, maʼmuriy jazoning qoʻllanilishi toʻgʻrisida yoxud uni maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi bayonnomani rasmiylashtirgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni qoʻzgʻatgan organga yuborish haqidagi; ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi; zararning oʻrnini qoplash haqidagi. Sudning qaroriga huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat tomonidan shikoyat berilishi hamda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.

XXIII ² bob. MUAYYAN YASHASH JOYIGA EGA BOʻLMAGAN SHAXSNI REABILITATSIYA MARKAZIGA JOYLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA ISH YURITISH