Oʻrmon fondi yerlarida pichanzorlar va yaylovlarni shikastlantirish, oʻzboshimchalik bilan pichan oʻrish, drenaj tizimlarini va yoʻllarni yoʻq qilish yoki shikastlantirish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻrmon fondi yerlarida chorva mollarini oʻtlatish qoidalarini buzish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.