Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 117-modda. Protsessual muddatlarning tugashi

Yillar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tugaydi. Oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning tugashi tegishli kuni boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi. Kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi kunida tugaydi. Protsessual muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan hollarda, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddatning tugash kuni deb hisoblanadi. Protsessual harakat belgilangan muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha bajarilishi mumkin. Agar ariza (shikoyat) va boshqa hujjatlar pochtaga topshirilgan, elektron hujjat tarzida yuborilgan, tegishli organga yoxud ularni qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan shaxsga protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar berilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan deb hisoblanmaydi. Agar protsessual harakat bevosita sudda yoki boshqa tashkilotda amalga oshirilishi kerak boʻlsa, muddat ushbu sudda yoki tashkilotda ish kuni tugagan yoxud tegishli operatsiyalar tugatilgan soatda tugaydi.