Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sud ajrimida ushbu Kodeksning 169-moddasida nazarda tutilganidan tashqari quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) kelishuv bitimining shartlari; 2) kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi xulosa; 3) sud xarajatlarining taqsimlanishi; 4) ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar. Apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudining kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari ish boʻyicha avval qabul qilingan barcha sud hujjatlarini bekor qilish haqidagi koʻrsatma boʻlishi kerak. Sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi sud ajrimida kelishuv bitimining shartlari va kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi xulosa, shuningdek sud hujjatining ijro etilmasligi haqidagi shartlar koʻrsatilishi kerak. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sud hujjatlari ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Kelishuv bitimini tuzgan shaxslar uni ushbu bitimda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajaradi. Sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi ushbu bitimda nazarda tutilgan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, bitim ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga koʻra bajarilishi lozim.