Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 162-modda. Qoʻshimcha hal qiluv qarori

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud quyidagi hollarda qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qiladi, agar: 1) ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biror-bir talab boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan boʻlsa; 2) sud huquq toʻgʻrisidagi masalani hal qilib, javobgar amalga oshirishi shart boʻlgan harakatlarni koʻrsatmagan boʻlsa; 3) sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan boʻlsa. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masala hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar qoʻyilishi mumkin. Qoʻshimcha hal qiluv qarori ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra qabul qilinishi mumkin. Sud tomonidan qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masala mazkur bobda belgilangan qoidalar boʻyicha sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Biroq tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Qoʻshimcha hal qiluv qarori asosiy hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi. Qoʻshimcha hal qiluv qarori ustidan asosiy hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish rad etilgan taqdirda, ajrim chiqariladi.