Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 163-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish

Hal qiluv qarori noaniq boʻlgan taqdirda, ishni hal qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga, shuningdek sud hal qiluv qarorining ijrosi oʻz zimmasiga yuklatilgan organlar va davlat ijrochisining arizasiga koʻra hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirishga haqli. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini yoki sud hujjatini ijro etish zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud majlisida koʻriladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda koʻrib chiqiladi. Hal qiluv qarorini tushuntirish haqida yoki tushuntirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.