Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 182-modda. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 19-bobida belgilangan qoidalar boʻyicha sud tomonidan qabul qilinadi. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishni koʻrish natijasi boʻyicha sud arizani qanoatlantirish haqida yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning nomi, hujjatning nomi, raqami va qabul qilingan sanasi; 2) idoraviy normativ-huquqiy hujjat toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilganligi; 3) sud xarajatlarini taqsimlash. Sudning idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ishni koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilgan hal qiluv qarori u qabul qilingan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Sud tomonidan toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning ayrim qismlari sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran qoʻllanilmaydi va ular hujjatni qabul qilgan organ tomonidan nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qonunchilik hujjatiga muvofiqlashtirilishi kerak.