Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 215-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrish tartibi

Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha koʻradi. Apellyatsiya instansiyasi sudida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish toʻgʻrisidagi; talabning predmetini yoki asosini oʻzgartirish haqidagi; ishga uchinchi shaxslarni jalb etish toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi. Bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holi mustasno. Apellyatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi, bundan jamiyat yoki davlat manfaatlarini koʻzlab qoʻzgʻatilgan ishlar boʻyicha prokurorning kelmaganligi mustasno.