Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 223-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti)

Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) ajrimni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; 2) ajrimni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga; 3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni toʻxtatib turish, ish yuritishni tugatish, arizani (shikoyatni) koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni birinchi instansiya sudiga koʻrib chiqish uchun yuborishga; 4) ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni koʻrib chiqish uchun taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.