Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 269-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish asoslari

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish uchun asoslar quyidagilardan iborat: 1) sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud boʻlgan, lekin arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan, ish uchun muhim holatlar; 2) ekspertning bila turib yolgʻon xulosa berganligi, guvohning bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganligi, bila turib notoʻgʻri tarjima qilinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan boʻlsa va ular mazkur ish boʻyicha qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab boʻlgan boʻlsa; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining yoxud sudyaning mazkur ishni koʻrish chogʻida sodir etilgan, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari; 4) maʼmuriy sudning yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, jinoyat ishlari boʻyicha sudning yoki iqtisodiy sudning mazkur ish boʻyicha sud hujjatini qabul qilishga asos boʻlgan sud hujjati yoxud boshqa organning shunday hujjati bekor qilinganligi.