Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 279-modda. Ijro varaqasining mazmuni

Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ijro varaqasini bergan sudning nomi; 2) ijro varaqasi berilgan ish va uning raqami; 3) ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana; 4) undiruvchi va qarzdorning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, undiruvchining va qarzdor jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), shuningdek undiruvchining va qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 5) sud hujjatining xulosa qismi; 6) sud hujjati qonuniy kuchga kirgan sana; 7) ijro varaqasi berilgan sana va uni ijroga taqdim etish muddati. Sud hujjatiga asosan beriladigan ijro varaqasi sudyaning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda rasmiylashtiriladi va QR-kod (matritsali shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi. Bunda agar sud hujjatiga asosan berilgan ijro varaqasi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim boʻlsa yoki undiruvchining iltimosnomasiga koʻra u sudning muhri va sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan holda qogʻoz shaklida berilishi (yuborilishi, taqdim etilishi) mumkin.