Turli yerlarda joylashgan bir nechta javobgarga nisbatan ariza (shikoyat) arizachining tanlovi boʻyicha javobgarlardan biri joylashgan yerdagi sudga taqdim etiladi. Ushbu Kodeksning 32-moddasida belgilangan sudlovga tegishlilik arizachining eksterritorial sudlovga tegishlilikni tanlash haqidagi iltimosnomasiga koʻra oʻzgartirilishi mumkin. Bunday iltimosnoma mavjud boʻlgan taqdirda, ariza (shikoyat) ushbu Kodeksning 32-moddasida yoki mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan sudga taqdim etiladi. Ishni koʻradigan sudni aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ushbu Kodeksning 32-moddasida va mazkur moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan sudning tanlanishi istisno etiladigan tartibda amalga oshiriladi. Yirik investor boʻlmagan investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizalari (shikoyatlari) javobgar joylashgan yerdagi tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlariga taqdim etilishi mumkin. Yirik investorning investitsiya faoliyati bilan bogʻliq daʼvo arizalari (shikoyatlari), shuningdek tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan daʼvo arizalari tumanlararo maʼmuriy sudga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin.