Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 41-modda. Ishda bir nechta arizachi va javobgarning ishtirok etishi

Talab bir nechta arizachi tomonidan birgalikda yoki bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilishi mumkin. Arizachilar va javobgarlarning har biri boshqa tarafga nisbatan sud protsessida mustaqil qatnashadi. Protsessda birgalikda ishtirok etuvchilar ishni olib borishni sherik ishtirokchilardan biriga topshirishi mumkin. Boshqa javobgarning ishtirokisiz ishni koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar arizachining roziligi bilan oʻsha javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etadi. Agar qonunchilikda ishda boshqa javobgar ishtirokining majburiyligi nazarda tutilgan boʻlsa, sud oʻz tashabbusi bilan shu javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etadi. Sud arizachining iltimosnomasi boʻyicha ham boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etishga haqli. Boshqa javobgarni ishda ishtirok etishga jalb etish haqida yoki jalb etishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Boshqa javobgar ishda ishtirok etish uchun jalb etilganda ishni koʻrish boshidan boshlanadi.